Alisher Navoiy (1441 - 1501)

Дата добавления: 14 Апреля 2013 в 12:56
Автор: s************@mail.ru
Тип работы: реферат
Скачать полностью (48.80 Кб)
Работа содержит 1 файл
Скачать  Открыть 

Alisher Navoiy referat.doc

  —  156.00 Кб


Alisher Navoiy      (1441 - 1501)

Ulug’ o’zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi. G’arbda chig’atoy adabiyotining buyuk vakili deb qaraladi, sharqda “nizomi millati va d-din” (din va millatning nizomi) unvoni bilan ulug’lanadi.  

Hayot yo’li. 
Asl ismi Nizomiddin Mir Alisher. U Hirotda tug’ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o’tkazgan. Navoiyning otasi G’iyosiddin Bahodir temuriylar xonadoniga yaqin bo’lgan. She’r zavqi va iste’dodi erta uyg’ongan. Bolalikdayoq Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yod olgan, Sharafiddin Ali Yazdiy nazariga tushgan, Mavlono Lutfiy yosh shoir iste’dodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy e’tirofini qozongan. 
Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan ta’lim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda bo’lgan. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan yiroqroqda yashagan. 
Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o’tirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi, muhrdorlik (1469) mansabiga, vazirlik (1472) va Astrobod hokimligi (1487)ga tayinlanadi. 1480-1500 yillar mobaynida o’z mablag’lari hisobidan bir necha madrasa, 40 rabot (safardagi yo’lovchilar to’xtab o’tish joyi), 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko’prik, 20 ta hovuz qurdiradi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga “muqarrabi hazrati sultoniy” (“sulton hazratlarining eng yaqin kishisi”) degan unvonni beradi. Unga ko’ra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi. 
Alisher Navoiy tarjimai holi o’z davrida Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi va davlat arboblarining asarlarida aks etgan. 
O’zbek olimlari O. Sharafiddinov, V.Mahmud, Oybek, Ya. G’ulomov, I.Sulton. A.Zohidov, V.Abdullaev, A.Qayumov, S.G’anieva v.b. Navoiyning hayot yo’li haqida asarlar yaratishgan. 
 
Lirik merosi. 
Navoiy ijodi ixlosmandlari uning she’rlarini yig’ib, “Ilk devon” (1464-65) tuzgan edilar, so’ngra “Badoyiul-bidoya” (“Go’zallikning boshlanishi”), “Navodirun-nihoya” (“Nodirliklar nihoyasi”) nomli devonlar (1470-yillar) tartib berilgan. Lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq “Xazoyinul-maoniy” nomli to’rt devon (1491-1498)ga jamlangan. Navoiy she’riyatining mavzular doirasi keng, janrlar ko’lami (16) xilma-xil. G’azallari “oshiqona, orifona, rindona” (Shayxzoda) sifatlar bilan o’rganiladi. G’azallarida insoniy muhabbat, ilohiy ishq bilan uyg’un holda ulug’lanib, “majoz - haqiqat ko’prigi” aqidasiga amal qilingan. Alisher Navoiy she’riyatidagi zohiriy ma’no yangiliklari bilan birga botiniy sifatlarni ham o’rgangandagina ularni idrok etishga erishish mumkin.  
“Nazmul-javohir” (1485) Hazrat Alining “Nasrul-laoliy” asarining turkiy nazmga solingani bo’lib, 266 ruboiydan iborat bu asarda axloqiy-ta’limiy qarashlar o’z aksini topgan. 
O’R FA ShIda (3-fond) Navoiyga mansub 24 asarning 254 qo’lyozmasi saqlanadi, undan ko’pchiligi devonlarning nusxalari. Navoiy devonlari prof. H.Sulaymon tomonidan yig’ilib, tasnif etilgan. “Ilk devon” Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shedrin kutubxonasida (inv.564) saqlanadi. “Navodirun-nihoya” O’R FA ShI (inv.1995) dagi nusxalari nihoyatda nodir bo’lib, ular Navoiy davrida Hirotda Sulton Ali Mashhadiy (1487), Abdujamil kotib (1487-88) tomonidan ko’chirilgan. 
Navoiy she’riyati Fitrat, Oybek, M.Shayxzoda, H.Sulaymon, A.Hayitmetov, N.Mallaev, Yo.Ishoqov, B.Akromov, I.Haqqulov v.b. tomonidan o’rganilgan.

Navoiy. Mahmud Muzahhid miniatyurasi


Lirik merosi. 
Xamsa. 
Alisher Navoiy ijodining yuksak cho’qqisi “Xamsa” asari (1483-85)dir, shoir birinchilardan bo’lib, turkiy tilda to’liq “Xamsa” yaratdi va turkiy tilda shunday ko’lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. 
“Xamsa” tarkibiga “Hayratul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” kabi dostonlar kiradi.  
“Hayratul-abror”da hamd, munojot, na’t, hayrat boblaridan keyin shoirning Yaratganga, borliqqa, tabiatga, insonga bo’lgan falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, ma’rifiy, axloqiy va estetik munosabati aks ettirilgan. Podshoh bilan ulusning insonlik nuqtai nazaridan ayirmasiz, farqsizligini, podshohning hunar, axloq, adl, insof, mantiq, taqvo yo’lida ulusdan o’ta olmaganini anglatish bilan o’zining adolatli shoh haqidagi qarashlarini anglatadi.  
“Farhod va Shirin”da qahramonlar sevgi sarguzashtlari orqali insonning tarix va kelajak oldidagi vazifasini belgilaydi, insonlik faqat muhabbatda emas, balki o’sha sharafli nomning himoyasi orqali ekanini uqdiradi. Sharq tarixidagi Xusrav va Shirin voqeasini badiiy jihatdan qayta ishlab, Farhod orqali o’zining komil inson haqidagi qarashlarini ifoda qilgan. Navoiy dostoni orqali Firdavsiy, Nizomiy, Dehlaviy an’analari yangilangan bo’lsa, undan keyin bu syujet turk mumtoz adabiyotining o’zak muammolarini hal etishda asosiy o’rin tutdi va bu yo’nalishda Ahmad rizvon, Jaliliy, Harimiy, Bafqiy, Urfi Sheroziy, Lamiiy, Nizoriy v.b. dostonlari yaratildi.  
“Layli va Majnun” dostonida arab ertaklari orqali ma’lum syujet o’zining tugal shaklini topdi, unda ishq falsafasi betakror uslubda ifoda qilindi. Keyinroq yaratilajak Fuzuliy, Andalib, Sayqaliy dostonlari uchun ma’naviy zamin bo’ldi. “Xamsa” tarkibidagi “Sab’ai sayyor” va “Saddi Iskandariy”da shohlik bilan bog’liq masalalarni birinchi o'ringa olib chiqdi. Bu dostonlar xamsanavislik an’anasida o’zining ijtimoiy-siyosiy xarakteri va originalligi bilan ajralib turadi. “Xamsa”ga ustoz Abdurahmon Jomiy (1414-1492) yuqori baho berdi. 
O’R FA ShI qo’lyozmalar fondida 15-20 asrlarda ko’chirilgan 166 qo’lyozma saqlanadi. Ulardan 84 tasida beshlikning hamma dostonlari berilgan.  
“Xamsa” haqida xorijiy olimlar A.Vamberi, J.Malokolin, F.Richard, L.Vari, Y.Ekman, E.Partele; rus tadqiqotchilari I.Krachkovskiy, V.Bartold, E.Bertels, Konrad, B.Jirmunskiy, A.Yakubovskiy, A.Semyonov; turk olimlari F.Ko'prulu, A.S.Levend, K. Eraslon; ozar olimlari H. Arasli, G. Aliev; o’zbek olimlari Fitrat, I.Sulton, V.Zohidov, A.Qayumov, T.Jalolov, S.Nazrullaeva, A.Abdug’afurov, M.Hakimov, S.Hasanov v.b. ishlari ma’lum. 
O’zMUda “Xamsa”ni tadqiq etish borasida B.Qosimov, B.Akrom, H.Boltaboev, A.Erkinov, D.Farmonova tadqiqot ishlari olib bormoqdalar.

Tasavvufiy asarlari. 
Navoiyning tasavvufiy qarashlari deyarli barcha asarlarining ruhiga singgan bo’lsa-da, maxsus “Lisonut-tayr” dostoni(1499)da, “Nasoyimul-muhabbat” manqabasi”(1495-96)da, “Tarixi anbiyo va hukamo”(1485-8), “Arbain”, “Munojot” singari asarlarida aks etgan.  
“Lisonut-tayr”da borliq va ilohiyot haqaidagi qarashlarini, inson, tabiat va hayot haqidagi fikrlarini qushlar tili va sarguzashtlari orqali bayon qilgan. 
O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng Navoiy asarlarini diniy va so’fiylik jihatidan o’rganish kengaydi, ular ob’ektiv va ilmiy bahosini olmoqda. “Arbain”, “Munojot” kabi asarlari chop etildi. Jomiyning “Nafahotul-uns min hazarotil-quds” tazkirasini tarjima qilib va to’ldirib, so’z yuritilgan 618ta shayxlar sonini 770 taga yetkazdi.  
 
Nasriy asarlari. 
Navoiy merosining salmoqli qismi nasriy asarlardan iborat. Ular ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy va ilmiy-falsafiy yo’nalishdadir. 
“Mahbubul-qulub”(1500-01) Navoiyning so’nggi yirik asari bo’lib, unda ulug’ mutafakkir adibning hayoti davomidagi kuzatishlari, to’plagan boy tajribasi o’z yuqori darajasida aksini topgan. Uch qismdan iborat bu asarda “Soriun-nosning af’ol va ahvolining kayfiyati” (1), axloqiy muammolar (2), “mutafarriqa favoyid va amsol surati” (3) masalalari ifodalangan. 
“Xamsatul-mutahayyirin”(“Besh hayrat”,1494) asarida ustozi va do’sti Abdurahmon Jomiy, uning hayoti lavhalari, tariqati, yozishmalari, asarlari haqida hayratomuz hikoyalar keltiriladi. 
“Holoti Sayyid Hasan Ardasher” (1488-89), “Holoti Rahlavon Muhammad”(1493) asarlari manoqib-holot yo’nalishida bo’lib, ularda shoirga ustozlik qilgan buyuk shaxslar hayoti, faoliyati yoritilgan. 
“Munshaot” (1498-99) Navoiyning maktublari to’plami (jami 88 ta xat) bo’lib, ular sog’inchlik xatlari, navro’z tabriklari, ta’ziyanomalar, siyosiy o’gitlar, sulhnomalar va boshqa yo’nalishlardadir. Ular Husayn Boyqaro, Badiuzzamon va boshqa tarixiy shaxslarga bitilgan.  
 
Ilmiy-filologik merosi. 
“Majolisun-nafois” (1490-91; 1497-98) tazkirasi turk tilidagi yozilgan dastlabki tazkira bo’lib, unda shoir sakkiz majlis doirasida 459 shoir va adib haqida ma’lumot bergan. Birinchi va ikkinchi majlisda tazkira tartib berilganda hayot bo’lmagan shoirlar, uchinchi majlisda shoirning zamondoshlari, to’rtinchi majlisda beshinchi majlisda Xuroson, oltinchisida Movaraunnahr, Kichik Osiyo va Eron, yettinchi va sakkizinchi majlislarda temuriylar sulolasiga mansub ijodkor shoh va shahzodalar haqidagi ma’lumotlar jamlangan. Asar Fahriy Hirotiy(1521-22), Muhammad Qazviniy(1522-23), Shoh Ali Abdulali (1598) tomonidan uch marta fors tiliga tarjima qilingan. 
Navoiy “Muhokamatul-lug’atayn” asarini o’z zamonidagi turkiy lahjalar, ziyolilar nutqi, badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususitlari bilan qiyoslashga bag’ishladi. Jonli xalq tilida qo’llanilgan ko’plab so’zlarni asarga kiritib, adabiy tilda qo’llanilishiga sababchi bo’ldi. O’zigacha ishlatilgan so’zlarni yangi ma’no qatlamlarini ochdi. O’zbek tili grammatikasini Mahmud Koshg’ariydan so’ng ilmiy asosga soldi. O’zbek tilining badiiy va estetik imkoniyatlari kengayishiga sababchi bo’ldi. Fors va turk tillarida yaratilgan eng yirik va e’tiborli asarlarga murojaat qildi, shoir va olimlarni til istiqloli uchun kurashga chorladi.  
Aruz nazariyasiga bag’ishlangan “Mezonul-avzon”(1492) asarida arab va fors aruzi qoidalarini turkiy tilda aniq va ravon tushuntirdi. Turk yozma va og’zaki she’riyati namunalarining vazn xususiyatlarini o’rgandi. Turkiy aruz tabiatini yoritish bilan birga turk she’riyati murakkab aruz tizimini boyitganini anglatdi. Bahrlar va doiralar haqidagi tasavvurni kengaytirdi. To’qqizta yangi vazn va she’riy shaklni aniqladi. Turklik tarixida ilk bor milliy vazn haqidagi qarashlarni ilgari surdi.  
Navoiyning ilmiy-filologik merosini muntazam tadqiq qilish 20 asrning 20-yillaridan yo’lga qo’yildi. Bu yo’nalishda Fitrat, Oybek, A.Sa’diy, O.Sharafiddinov, A.Hayitmetov, I.Sulton, H.Qudratullaev kabi adabiyotshunos va A.K.Borovkov, O.Usmonov, A.Rustamov kabi tilshunos olimlarning ishlari e’tiborli. 
 
Tarix va iqtisodga oid asarlari. 
“Tarixi muluki Ajam” (“Ajam shohlari tarixi”,1488) qisqa tarix bo’lib, Eron shohlari xronikasi bayon qilingan “Tarixi Tabariy”, “Shohnoma” asarlarini mantiqan to’ldiradi, ulardagi faktlarni izchil ilmiy tizimga soladi. Afsonaviy shoh Kayumarsdan sosoniylarning so’nggi vakili Yazdi Shahriyorgacha bo’lgan shohlar tarixini, mifologik talqinini beradi. 
“Tarixi anbiyo va hukamo” (“Payg’ambarlar va hakimlar tarixi”, 1485-1498) asarining birinchi bo’limida “Qissasul-anbiyo”lar an’analarini davom ettirib, Odam alayhis-salomdan Nuh, Iso, Muso, Ya’qub, Sulaymon, Yusuf, Dovud kabi payg’ambarlar tarixiga oid qissalar keltiradi. Navoiy Luqmoni hakimga ham anbiyolar qatoridan joy beradi. Asarning “Hukamo zikrida” deb nomlangan ikkinchi bo’limida insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan donishmand hakimlar Fishog’urs, Jomosp, Buqrot, Suqrot, Aflotun, Arastu, Bolinos, Jolinus, Batlimus, Buzurgmehr haqida ibratli hikoyalar keltiradi, ularning donishmandligi, ilmiy kashfiyotlari siri qisqa satrlarda talqin qilinadi. 
“Vaqfiya” (1481) asarida vaqf yerlari, mulklari, ularning miqdori, ulardan foydalanish, vaqf mulki va mablag’i evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yo’nalishda madrasa va xonaqohlarda o’rnatilgan tartiblar haqida fikr yuritdi. Navoiy o’z ixtiyoridagi mablag’lar hisobiga qurilgan xayriya muassasalari, ilmiy-madaniy binolar va bog’larni sanab o’tdi. Asar Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlarini o’rganish uchun ham muhim hujjatli manbadir. 
Tarix va iqtisodiy yo’nalishdagi asarlari N.Veselovskiy, Yakubovskiy, Ya.G’ulomov, V.Zohidov, B.Ahmedov kabi olimlar tomonidan o’rganilgan.

Navoiy. Muborak dastxat


Arab va fors tillaridagi asarlari. 
Alisher Navoiy fors tilida yozgan she’rlari asosida “Devoni Foniy” tuzilgan bo’lib, uning muqaddimasida “Sittai zaruriya” (“Olti zarurat”) va “Fusuli arbaa” (“To’rt fasl”) forsiy qasidalari majmualari berilgan. 
“Sittai zaruriya” to’plamidagi qasidalar “Ruhul-quds” (“Muqaddas ruh”), “Aynul-hayot” (“Hayot chashmasi”), “Tuhfatul-afkor” (“Fikrlar tuhfasi”), “Qutul-qulub” (“Qalbdar g’izosi”), “Minhojun-najot” (“Qutilish yo’li”), “Nasimul-xuld” (“Jannat nasimi”) kabi nomlar bilan ataladi. Ular Xoqoniy, Dehlaviy, Salmon Sovajiy, Abdurahmon Jomiy asarlari ruhida, ularga falsafiy-mantiqiy javob tarzida yozilgan. 
“Fusuli arbaa”da Sulton Husayn Boyqaro madhidan so’ng “Bahor”, “Saraton”, “Xazon” (“Kuz”) va “Day” (“Qish”) vasfidan iborat. 
Muammo janri qoidalariga bag’ishlangan “Mufradot” (1485) fors tilidagi ilmiy asarida mumtoz she’riyatdagi bu janrni nazariy jihatdan asosladi. Muammo va uni ifodalangan janrlar ruboiy, qit’a, tuyuq, ayrim hollarda g’azal munosabatini anglatdi. Muammolarni yechish usullarini o’rgatish barobarida 121 ta misol keltirdi.  
Navoiyning arab tilida “Sab’atul-abhur” (“Yetti dengiz”) nomli diniy-tasavvufiy ruhda lug'at xarakteridagi asar yozgani ma’lum. Biroq bu asar nashr etilib, yetarli darajada o’rganilmagan. Alisher Navoiyning fors tilidagi merosi Fitrat, H.Sulaymon, N.Mallaev, Sh.Shomuhamedov, R.Vohidov, Boltaeva tomonidan o’rganilgan. 
Navoiy dahosi tufayli insoniyat tarixida dunyoning turli joylarida yashayotgan turkiy xalqlar yakqalam qilindi, millat ma’naviy merosi umumjahon xazinasidan mustahkam o’rin oldi. Mustaqil O’zbekistonda Navoiyni anglash davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. Respublikadagi eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, O’zbekiston Davlat mukofoti, O’RFA Til va adabiyot instituti, opera va balet akademik teatri, O’zbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-ma’rifiy muassasalar, jamoa xo’jaliklari ulug’ shoir nomi bilan ataladi.



9 fevral - Alisher Navoiy tavallud topgan Kun

9 fevral - Alisher Navoiy tavallud topgan Kun

Buyuk shoir, mutafakkir Alisher Navoiyning boy va bebaho merosi asrlar mobaynida ajdodlarimizni ezgulikka, mehr-muruvvatga, tinchlik va do`stlikka da`vat etib kelgan. Bobur Mirzo yozadi: "...turkiy til bila to she`r aytibdurlar, hech kim oncha ko`p va xo`b aytqon emas." Bu haqda shoirning o`zi "Lisonut-tayr"da: 
 
Nazmu nasrim kotibi taxminshunos 
Yozsa, yuz ming bayt etar erdi qiyos,- 
deb yozgan edi. 
 
Allomaning asarlari nafaqat miqdor jihatidan, balki mazmun-mohiyati bo`yicha ham beqiyos ahamiyat kasb etadi. Uning badiiy va ilmiy asarlari yuzlab olimlar tomonidan o`rganilgan, tadqiq etilgan. 
 
Filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqul bilan suhbatimiz hazrat Navoiyning boy ma`naviy merosini o`rganish, uning bugungi ahamiyati xususida kechdi. 
 
- Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ulug` bobokalonimiz shaxsiyati va ijodiga munosabat tubdan o`zgardi. Hazratning boy adabiy merosiga to`laqonli va haqqoniy yondashish imkoniga ega bo`ldik. U zotning ijodini yanada chuqurroq o`rganish bo`yicha ko`plab tadqiqotlar qilinyapti, ilmiy izlanishlar ko`lami yanada kengaymoqda. 
 
Allomaning mukammal asarlar to`plami ilgari ham nashr etilgan, biroq o`sha davrdagi mafkura nuqtai nazaridan asarlardagi butun-butun boblar tushirib qoldirilgan. Mustaqillik yillarida Navoiyning yigirma jildli mukammal asarlar to`plamini to`laligicha chop etish ishlari yakuniga etdi. 
 
Har yili navoiyshunos olimlar tomonidan yangi-yangi ilmiy maqolalar, risolalar yaratilmoqda. 
 
Quvonarlisi shundaki, safimizga yosh adabiyotshunos olimlar qo`shilmoqda. Ular qatorida Nodir Ramazonov, Nasiba Bozorova, Ergash Ochilov singari umidli navoiyshunoslarni sanab o`tish mumkin. Demak, Navoiyni o`rganish, uni yanada chuqur anglash borasidagi izlanishlar izchil davom etayotir. 
 
- Sizningcha, ulug` bobokalonimiz ijodining qaysi qirralarini  
yanada chuqurroq tadqiq etish lozim?  
 
- Hazrat ijodiyotini bepoyon ummonga qiyoslash mumkin. Uning tubida behisob javohirlar bisyor. Biroq Navoiy olamini hali-hanuz to`la zabt etolganimiz yo`q. Merosini o`rganish asnosida har doim yangidan-yangi kashfiyotlar qilish mumkin. 
 
Navoiy badiiyatini olaylik. Uning har bir bayti, misrasini tadqiq etishning o`zi juda katta izlanishlarni talab etadi. Mana uning mashhur bir bayti: 
Yuzida terni ko`rib o`lsam, ey rafiq, meni 
Gulob ila yuvu, gul bargidin kafan qilg`il. 
Bir qaraganda tushunarli va ravon misralar. Ammo hazrat bu baytda nima demoqchi bo`lganlar? Bu haqda qator taxmin va talqinlar aytilgan. Lekin hanuz yagona to`xtamga kelingani yo`q. Zero, bu oson ish emas. 
 
Navoiyning so`z tanlash va qo`llash mahorati, she`riyatidagi teran falsafa, diniy-ma`rifiy qarashlari, Navoiy va jahon adabiyoti... Bu yo`nalishlar bo`yicha hali qanchadan-qancha yangi ufqlarni ochish mumkin. 
 
- Shoirning hozirga qadar topilmagan yoki bizgacha etib  
kelmagan asarlari ham bormi?  
 
- Navoiy umrining oxirlarida yozgan "Muhokamatul-lug`atayn" va "Mezonul-avzon" asarlarida o`zining barcha asarlari mundarijasini bergan. Ularning bari Navoiyning mukammal asarlar to`plamiga kiritilgan. Biroq, bu Navoiyning hamma asarlari bizning qo`limizda, degan xulosani bermaydi. Ma`lumki, Navoiy hayotlik chog`ida va undan keyin ham ko`p asarlari, devonlari qayta-qayta ko`chirilgan. Ularning nusxalarini dunyoning turli mamlakatlaridan topish mumkin, deb o`ylayman. Sababi - bundan bir necha yil ilgari Hamid Sulaymonov va Fozila Sulaymonova tomonidan Navoiyning bir qancha yangi g`azali topilgan va chop etilgan edi. Bu boradagi izlanishlar yana davom ettirilsa, o`z samarasini berishiga ishonaman. 
- Navoiy merosiga xorijda ham qiziqish katta...  
 
- Darhaqiqat, allomaning asarlari hozirga qadar dunyoning o`nlab tillariga tarjima qilingan.  
 
Ko`plab xorijlik olimlar uning hayoti va ijodini tadqiq va tahlil etib kelishmoqda. Turkiya, Eron, Ozarboyjon va mintaqamizdagi barcha mamlakatlarda uning asarlari takror va takror nashr qilingan va qilinmoqda. Xususan, Eron va Tojikistonda Navoiyning fors tilidagi asarlari, jumladan "Devoni Foniy" atroflicha o`rganilgan, o`rganilmoqda. Ushbu mamlakatlar adabiyotshunoslari fikricha, bu borada Navoiy fors-tojik adabiyotining eng etuk vakillari bilan bemalol bellasha oladi. 
 
Navoiy avvalo turkiy adabiyotning zabardast vakili sifatida ma`lum va mashhur. Shu bois, Turkiyada uning merosiga qiziqish katta. So`nggi yillarda bu erda "Mezonul-avzon", "Lisonut-tayr", "Farhod va Shirin" kabi asarlari bosilib chiqdi. 
 
Ozarboyjonda Navoiyni sevishadi, ardoqlashadi. Uning ijodi Jannat Nagieva singari taniqli adabiyotshunoslar tomonidan chuqur o`rganib kelinyapti. 2001 yilda olimaning "Navoiy Ozarboyjonda" nomli kitobi chop etildi. Bobokalonimiz ijod namunalari rus, nemis, frantsuz va boshqa tillarga ham o`girilgan. tgan yili "Lisonut-tayr" dostoni ingliz tiliga tarjima qilindi. 
 
- Navoiy asarlarining bugungi kundagi ahamiyati, yosh avlod  
kamolotidagi o`rni xususida ham gapirib o`tsangiz.  
 
- Ulug` bobomizning asarlari hech qachon o`z ahamiyatini yo`qotmagan, yo`qotmaydi ham. Navoiyning o`tkir nigohi faqat o`z davrini emas, balki abadiyatni ko`ra olgan. Bugungi kunda global ahamiyat kasb etayotan istalgan muammoni oling: ekologik tanglikmi, terrorizmmi, diniy aqidaparastlikmi... Hamma-hammasiga Navoiy asarlaridan javob topsa bo`ladi. 
Yosh avlod tarbiyasida Navoiyning o`lmas merosi muhim o`rin tutadi. Hozir ba`zi yoshlar orasida jinoyatchilik, ichkilikbozlik, giyohvandlik singari illatlarning kuzatilayotgani ma`lum darajada Navoiydan uzoqlashganimizning achchiq mevasidir. 
 
Bunday muammolarga barham berish uchun Navoiy hikmatlarini yosh avlod ongiga bolalikdan singdirib borish kerak. Navoiyni tushunish, tushuntirish uchun uni sevish, sevdirish lozim. Menimcha, yosh avlod qalbida Vatanga, millatga muhabbatni shakllantirishda ham Navoiy asarlarining o`rni katta. 
 
Navoiyning nafaqat ijodi, balki sermazmun hayoti ham yosh avlod uchun namunadir. Uning bunyodkorligi, xalqsevarligi, haqparvarligi barchamizga o`rnak bo`lishi lozim. Navoiy ijodi esa barchamizni ogohlikka, ezgulikka, kamtarlikka undaydi. 
 
Mana bu purhikmat satrlarga e`tibor bering: 
Bahrdin qatrag`a ta`zim ila tahsin ko`rdim, 
Mehrdin zarrag`a e`zoz ila ehson topdim. 
 
Ya`ni, dengizning tomchiga ta`zim ila tahsin qilganini ko`rdim, quyoshning zarraga e`zoz va ehson ko`rsatganiga guvoh bo`ldim, deganlar. Shu baytning o`ziyoq hazratning insoniyatni kamtarinlikka, adolat va insofga da`vat etganini ko`rsatadi. 
 
Biz haqli ravishda Navoiyni milliy ong va shuurimizning ulug` charog`boni va ilhomchisi deya olamiz. Navoiyning umrboqiy merosi el va elatlarni ezgulik, poklik, haqiqat atrofida jipslashtirishga qodir bo`lgan bebaho boyligimizdir.

O'n sakkiz yosh hayratlari

O`n sakkiz ming olam oshubi agar boshindadur, 
Ne ajab, chun sarvinozim o`n sakkiz yoshindadur. 
 
Desa bo`lg`aykim, yana ham o`n sakkiz yil husni bor, 
O`n sakkiz yoshina muncha fitnakim boshinadur. 
 
O`n sakkiz yil dema, yuz sakson yil o`lsa, uldurur, 
Husn shohi, ul balolarkim, ko`zu qoshinadur. 
 
Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki, bor, 
Barchasi ezid taolo sun`i naqqoshinadur. 
 
Tan anga siymu ichina tosh muzmar ko`nglidin, 
Aqlg`a yuz hayrat, ul oyning ichu toshinadur. 
 
May ketur, ey mug`ki, yuz hayrat aro qolmish Masih, 
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur. 
 
To Navoiy to`kti ul oy furqatidin bahri ashk, 
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.

 
 

Mubtalo bo'ldim sanga

Ko'rgali husnungni zoru mubtalo bo'ldum sanga, 
Ne balolig' kun edikim, oshno bo'ldum sanga. 
 
Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin ko'ngul, 
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo bo'ldum sanga. 
 
Men qachon dedim: "Vafo qilg'il manga" zulm aylading, 
Sen qachon deding: "Fido bo'lg'il manga" bo'ldim sanga. 
 
Qay pari paykarga dersen telba bo'ldung bu sifat, 
Ey pari paykar, ne qilsang qil manga, bo'ldum sanga. 
 
Ey ko'ngul, tarki nasihat aylading ovora bo'l, 
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo bo'ldum sanga. 
 
Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom, 
Soqiyo, to tarki joh aylab gado bo'ldum sanga. 
 
G'ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro, 
To Navoiydek asiru benavo bo'ldum sanga.

 
 

Lablaringkim hayf erur...

Lablaringkim hayf erur teng tutmoq oni qand ila, 
Sindirur yuz qand bozorini shakkar xand ila. 
 
Toki hayronmen senga nomus ila itmish ko'ngul, 
Telba yanglig'kim, qochar el g'ofil o'lg'ach band ila. 
 
Odam ul soatki jannat ichra avlodin ko'rar, 
Ne quvong'ay dam-badam sen nozanin farzand ila. 
 
Qo'y nasihat, zohido, o'tlug' damimdin vahm qil, 
Telba it imkoni yo'qturkim, sog'alg'ay pand ila. 
 
Hojatingni elga arz etmakka hojat bo'lmasun, 
Xush chiqishsang lahzani bu zori hojatmand ila. 
 
Lablaring hajrinda yur parkandkim bo'lmish ko'ngul, 
La'l erur mahlul qon o'rnig'a har parkand ila. 
 
Chun Navoiy ko'ngli sindi, emdi lutfing ne asig'? 
Kim ushatsa shishani bitmas yana payvand ila.

 
 

Oshiq o'ldum

 

Oshiq o'ldum, bilmadim yor o'zgalarga yor emish, 
Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish. 
 
Qaddig'a el mayli bo'lg'ondin ko'ngul ozurdadur, 
Ul alifdin zorlarning hosili ozor emish. 
 
Elga novak urdi, men o'ldim erur bu turfakim, 
Jonim etgan resh el bag'rig'a kirgan xor emish. 
 
Rishtakim, muhlik yaram og'zig'a tiktim angladim, 
Kim kafan jinsi qirog'idin suvurgan tor emish. 
 
Ko'yi devoridin og'riq tang'a tushgan soyadek, 
Sel g'amidin emdi soya o'rnig'a dildor emish. 
 
Jong'a taxvif ayladim tig'i halokidin aning, 
Bilmadim bu ishdin ul o'lguncha minnatdor emish. 
 
Ey Navoiy, xo'blarni ko'rma osonlig' bilan, 
Kim biravkim soldi ko'z, uzmak ko'ngul dushvor emish.

 
 

Istadim

 
Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim, 
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim. 
 
Kimga kim jonim fido aylab sog'indim dam-badam, 
Ermas erdi yorliqda chun vafodor istadim. 
 
Bilmadim olam elida yo'qturur mutlaq vafo, 
Vahki, umri ulcha yo'qtur sog'inib yor istadim. 
 
Ulki, topilmas bashar jinsida vah g'aflat ko'rung, 
Kim pari xaylida men devonai zor istadim. 
 
Sirri ishqimni ko'ngul ko'z birla fosh etmak ne tong, 
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim. 
 
Shayx birla xonaqahdin chun yorug'luq topmadim, 
Dayr piri xizmatig'a ko'yi xammor istadim. 
 
Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu g'ussadin, 
O'zni bekaslik balosig'a giriftor istadim.

 
 

Meni men istagan kishi...

 
Meni men istag'an o'z suhbatiga arjumand etmas, 
Meni istar kishining suhbatin ko'nglum pisand etmas. 
 
Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra, 
Chu ulkim bahrai andin tilarmen bahramand etmas. 
 
Netay huru pari bazminki, qatlim yo hayotimg'a, 
Ayon ul zahr chashm aylab nihon, bu no'shxand etmas. 
 
Kerakmas oy ila kun shaklikim, husnu malohatdin, 
Ichim ul chok-chok etmas, tanim ul band-band etmas. 
 
Kerak o'z chobuki majnunvashi qotil shiorimkim, 
Buzug' ko'nglumdin o'zga yerga javloni samand etmas. 
 
Ko'ngul uz charx zolidin, firibin yemakim, oxir 
Ajal sarrishtasidin o'zga bo'ynungg'a kamand etmas. 
 
Ul oy o'tlug' yuzin ochsa, Navoiy tegmasun deb ko'z, 
Muhabbat tuxmidin o'zga ul o't uzra sipand etmas.

 
 

Kecha kelgumdir debon

 
Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro' kelmadi, 
Ko'zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi. 
 
Lahza-lahza chiqtimu chektim yo'lida intizor, 
Keldi jon og'zimg'avu ul sho'xi badxo' kelmadi. 
 
Orazidek oydin erkanda gar etti ehtiyot, 
Ro'zgorimdek ham o'lg'onda qorong'u kelmadi. 
 
Ul parivash hajridinkim yig'ladim devonavor, 
Kimsa bormukim anga ko'rganda kulgu kelmadi. 
 
Ko'zlarindin necha suv kelgay deb o'lturmang meni, 
Ki bori qon erdi kelgan bu kecha suv kelmadi. 
 
Tolibi sodiq topilmas, yo'qsakim qo'ydi qadam, 
Yo'lg'akim avval qadam ma'shuqa o'tro' kelmadi. 
 
Ey Navoiy, boda birla xurram et ko'nglung uyin, 
Ne uchunkim boda kelgan uyga qayg'u kelmadi.

 
 

Jong'a chun dermen

Jong’a chun dermen: “Ne erdi o’lmakim kayfiyati?”  
Derki: “Bois bo’ldi jism ichra marazning shiddati”.  
 
Jismdin so’rsamki: “Bu za’fingg’a ne erdi sabab?”  
Der: “Anga bo’ldi sabab o’tluq bag’irning hirqati”. 
 
Chun bag’irdin so’rdum, aytur: “Andin o’t tushti manga 
Kim, ko’ngulga shu’la soldi ishq barqi ofati”.  
 
Ko’ngluma qilsam g’azab, ayturki: “Ko’zdindur gunah,  
Ko’rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati”.  
 
Ko’zga chun dermenki: “Ey, tardomani yuzi qaro,  
Sendin o’lmish telba ko’nglumning baloyu vahshati”. 
 
Yig’lab aytur ko’zki: “Yo’q erdi manga ham ixtiyor 
Ki, ko’rundi nogahon ul sho’xi mahvash tal’ati”.  
 
Ey Navoiy, barcha o’z uzrin dedi, o’lguncha kuy 
Kim, sanga ishq o’ti-o’q ermish azalning qismati.

 
 

Xil'atin to aylamish…

Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig’, yashil,  
Shu’layi ohim chiqar har yon qizil, sorig’, yashil.  
 
Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin 
Kim, esar ul dasht aro har yon qizil, sorig’, yashil.  
 
Shishadek ko’nglumdadur gulzori husnung yodidin, 
Tobdonning aksidek alvon qizil, sorig’, yashil.  
 
Orazu xoling bila xatting xayolidin erur 
Ko’zlarimning ollida davron qizil, sorig’, yashil.  
 
La’lgun may tutqil oltun jom birla sabzada 
Kim, bulardin yaxshi yo’q imkon qizil, sorig’, yashil.  
 
Faqr aro berangliq dushvor erur behad, valek 
Xirqada tikmak erur oson qizil, sorig’, yashil.  
 
Ey Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama,  
Bo’ldi naming rangidin devon qizil, sorig’, yashil.

 
 

Olmani otti nigorim

Olmani otti nigorim, "ol",-dedi 
"Olma birla bu ko'ngilni ol",-dedi 
So'rsam ersa olamsini rangini 
"Olma rangin ne so'rursan, ol",-dedi

Страницы:12следующая →
Описание работы
Asl ismi Nizomiddin Mir Alisher. U Hirotda tug’ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o’tkazgan. Navoiyning otasi G’iyosiddin Bahodir temuriylar xonadoniga yaqin bo’lgan. She’r zavqi va iste’dodi erta uyg’ongan. Bolalikdayoq Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yod olgan, Sharafiddin Ali Yazdiy nazariga tushgan, Mavlono Lutfiy yosh shoir iste’dodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy e’tirofini qozongan.
Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan ta’lim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda bo’lgan. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan yiroqroqda yashagan.
Содержание
содержание отсутствует